2026-08-26

Barqaror kelajak uchun mahalliy tashabbuslar: NNTlarning grant loyihalari natijalari sarhisob qilindi

Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida hududlarda amalga oshirilgan grant loyihalari natijalarini sarhisob qilish, tajriba almashish va fuqarolik jamiyati institutlari bilan davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ishlar davom etmoqda.

Shu maqsadda 2026-yil 25–26-avgust kunlari Toshkent shahridagi “Shamsan” mehmonxonasida “Barqaror kelajak uchun mahalliy tashabbuslar: NNT grant loyihalari sharhi” mavzusida ikki kunlik davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbir Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti, “Saferworld” xalqaro tashkiloti hamda Yevropa Ittifoqi hamkorligida tashkil etildi. Unda respublikaning 14 ta hududida grant loyihalarini amalga oshirgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, xalqaro va mahalliy hamkor tashkilotlar ishtirok etdi.

Davra suhbatining asosiy maqsadi hududlarda NNTlar tomonidan amalga oshirilgan mahalliy tashabbuslar natijalarini sarhisob qilish, loyihalar davomida to‘plangan tajriba va olingan saboqlarni o‘zaro almashish, mavjud tizimli muammolarni aniqlash hamda fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirning birinchi kunida 14 ta hududda amalga oshirilgan mahalliy tashabbuslar va ular doirasida erishilgan natijalar taqdim etildi. NNT vakillari o‘z loyihalari, amalga oshirilgan ishlar va erishilgan amaliy natijalar haqida ma’lumot berdi.

Interaktiv guruh ishlari davomida loyihalarni amalga oshirish jarayonida uchragan tashkiliy, huquqiy, moliyaviy va mahalliy darajadagi muammolar tahlil qilindi. Ishtirokchilar mavjud to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha o‘z tajribalari, yondashuvlari va amaliy yechimlari bilan o‘rtoqlashdi.

Alohida sessiyada hududlarda shakllangan muvaffaqiyatli amaliyotlar va samarali keyslar ko‘rib chiqilib, ularni boshqa hududlarda qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi. NNTlar o‘rtasida tajriba almashish, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Davra suhbatining ikkinchi kuni NNTlar va davlat sektori o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar hududiy va milliy darajada davlat organlari bilan hamkorlik qilish jarayonida yuzaga kelayotgan tizimli muammolarni tahlil qilib, kelgusidagi muloqotlar kun tartibiga olib chiqilishi zarur bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlarni belgiladi.

Xususan, mahalliy infratuzilmani rivojlantirish, ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, resurslarni samarali taqsimlash hamda davlat organlari bilan barqaror muloqot mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokamalar markazida bo‘ldi.

Kichik guruhlardagi ishlar davomida davlat organlariga taqdim etish uchun aniq taklif va murojaatlar, mavjud muammolarning yechimlari hamda ularni asoslovchi dalillar ishlab chiqildi. Bildirilgan fikr va takliflar umumlashtirilib, NNTlarning muhim masalalar bo‘yicha konsolidatsiyalashgan pozitsiyasini shakllantirish masalasi muhokama qilindi.

Shuningdek, 2030-yilgacha fuqarolik jamiyatini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilar tomonidan bildirilgan tegishli taklif va tavsiyalarni umumlashtirib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga kiritish masalasi ko‘rib chiqildi.

Ikki kunlik davra suhbati yakunida hududlarda amalga oshirilgan grant loyihalari tajribasini ommalashtirish, NNTlar o‘rtasidagi hamkorlik tarmoqlarini rivojlantirish, fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda mavjud muammolarni tizimli hal etishga qaratilgan taklif va tavsiyalar shakllantirildi.

 

Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti matbuot xizmati

← Back