Latest news

Institute news and events

Aholining ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o‘tkazishi bo‘yicha tahlil

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va ularda vaqt o‘tkazish kundalik hayotimizdagi asosiy odatlardan biriga aylandi. Bu holat, o‘z navbatida, kundalik rejalarimiz, qadriyatlarimiz va odatlarimizni o‘zgartirish darajasiga yetib bordi. So‘rov natijalari biz tasavvur qilmagan boshqa qiziq jihatlarni ham ko‘rsatdi va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish tendensiyasi ortida boshqa manzara borligini ochib berdi. “Yuksalish” harakatining “Opinions” sotsiologik tadqiqotlar markazi Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda o‘tkazgan mazkur o‘rganish natijalarini e’tiboringizga havola etamiz. “Ijtimoiy tarmoqlar davrida hayot” mavzusida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda mamlakatimizning 14 ta hududidan 1 371 nafar respondent ishtirok etdi. So‘rovda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish maqsadlari, ularga sarflanayotgan vaqt, o‘qish, ish va uyquga ta’siri o‘rganildi. Foydalaniladigan platformalar Respondentlar belgilagan javoblarga ko‘ra, eng ko‘p foydalaniladigan platforma Telegram bo‘lib, uni ishtirokchilarning 88,9 foizi, ya’ni 1 219 nafari, tanlagan. Keyingi o‘rinlarda Instagram (73,5 foiz) va YouTube (61,8 foiz) turadi. Facebookdan esa ishtirokchilarning 24,7 foizi (338 nafar) foydalanishini bildirgan. Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish maqsadlari Natijalarga ko‘ra, respondentlarning 69,9 foizi, ya’ni 958 nafari, ijtimoiy tarmoqlardan do‘stlari va oila a’zolari bilan muloqot qilish uchun foydalanadi. Yangiliklarni kuzatishni 64 foiz (877 nafar), ta’lim olishni 43,8 foiz (600 nafar), ko‘ngilochar kontentni 42,2 foiz (579 nafar), daromad va kasbiy maqsadlarni esa 40,6 foiz (557 nafar) ishtirokchi tanlagan. Bu savolda bir nechta javobni belgilash mumkin bo‘lgan. Yuqoridagi natijalarda ko‘rganingizdek, ijtimoiy tarmoq faqat ko‘ngilochar maydon emas. Respondentlarining aksariyati ijtimoiy tarmoqlardan axborot va muloqot vositasi sifatida foydalanayotgan bo‘lsa, ma’lum qatlam ijtimoiy tarmoqlar orqali daromad olishini nazarda tutgan. Vaqtimizni boshqarish o‘zimizdan boshlanadi “Ijtimoiy tarmoqlardan ish yoki o‘qish kunlarida kuniga qancha vaqt foydalanasiz?” degan savolga javob berganlarning 37,3 foizi, ya’ni 512 nafari, ish yoki o‘qish kunlarida ijtimoiy tarmoqlarga kuniga 2 soatdan ortiq vaqt sarflaydi. Respondentlarning 12,4 foizi (170 nafar) esa 4 soatdan ko‘proq foydalanishini bildirgan. Dam olish kunlarida esa 4 soatdan ortiq vaqt sarflaydiganlar ulushi 19,7 foizga, ya’ni 270 nafarga yetgan. Ishtirokchilarning yarmidan ko‘pi, ya’ni 57 foizi (781 nafar) ijtimoiy tarmoqlarda sarflayotgan vaqtini me’yorida deb hisoblaydi. Biroq 33,4 foizi (458 nafar), ya’ni har uch kishidan biri, ijtimoiy tarmoqlarda keragidan ko‘proq qolib ketayotganini tan olgan. Vaqtni kamaytirishga uringanlardan 511 nafari (61 foizi) bunga erishgan, 327 nafari (23,9 foizi) esa erisha olmagan. Respondentlarning 28 foizi vaqtni kamaytirishga ehtiyoj sezmasligini bildirgan. Bu faqat yoshlarning muammosi emas Ijtimoiy tarmoqlarda uzoq vaqt o‘tirish haqida gap ketganda, tasavvurimizda bu asosan yoshlarning odatidek ko‘rinadi. Ammo so‘rovdagi bandlik guruhlari boshqa manzarani ham ko‘rsatgan. Masalan, kuniga 2 soatdan ortiq foydalanadiganlar ulushi nafaqadagilar orasida 54 foiz, uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band respondentlarda 43,7 foiz bo‘lgan. Maktab o‘quvchilarida 27,3 foiz, talabalarda bu ko‘rsatkich 32,7 foizni tashkil etgan. Uyqu va kundalik ishlarga ta’sir yuqori So‘rovda qatnashganlarning 62,2 foizi, ya’ni 853 nafari, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uyqusiga ta’sir qilishini bildirgan. 18 yosh va undan katta respondentlarning 58,1 foizi esa ish yoki kundalik vazifalariga muayyan darajada xalaqit berishini qayd etgan. Ushbu savolga bir necha variantli javob berish mumkin bo‘lgan. 13–17 yoshli ishtirokchilar orasida uyquga ta’sirni sezganlar ulushi 74,4 foiz. Shu yosh guruhining qariyb to‘rtdan uch qismi ijtimoiy tarmoqlar o‘qish yoki uy vazifalariga ham xalaqit berishini bildirgan. O‘smirlarning 66,7 foizi ota-onasi ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini doimiy nazorat qilishini, 28,2 foizi esa ba’zan nazorat qilishini ko‘rsatgan. 5,1 foiz o‘smirlarning ota-onasi ularning bu borada nazorat qilmasligini bildirgan. Ortiqcha vaqt sarflash eng ko‘p tashvish uyg‘otmoqda Respondentlar eng ko‘p tanlagan muammo ortiqcha vaqt sarflash bo‘lib, uning ulushi 30,1 foizni, ya’ni 413 nafarni, tashkil etgan. Ishtirokchilarning 18,6 foizi (255 nafar) soxta yoki ishonchsiz axborotni, 13,2 foizi (181 nafar) esa firibgarlik va shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishini ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda eng ko‘p tashvish uyg‘otadigan muammo deb hisoblagan. Qolgan foydalanuvchilar esa, uyqu va salomatlikka ta’sir (6,9 foiz), oila a’zolari o‘rtasidagi muloqotning kamayishi (6,9 foiz), haqorat va tazyiq (4,2 foiz) kabi omillarni ko‘rsatib o‘tishgan. 8,5 foiz  respondentlar ijtimoiy  tarmoqlardan foydalanish muammo olib kelmaydi deb hisoblagan. Yuksalish kundalik odatlardan boshlanadi So‘rov natijalari ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish masalasida jamiyatning barcha qatlamlari mas’uliyatini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Kontent ishlab chiqaruvchi tashkilotlar va mualliflar auditoriya e’tiborini faqat ko‘rishlar sonini oshirish vositasi sifatida qabul qilmasligi lozim. Ular milliy qadriyatlar, ta’lim, kasbiy rivojlanish va sog‘lom turmush tarziga xizmat qiladigan sifatli kontentni ko‘paytirishi, yolg‘on yoki tekshirilmagan axborot tarqalishining oldini olishi hamda bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan materiallarning mazmuniga alohida mas’uliyat bilan yondashishi zarur. Yoshlar, ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlarga mas’ul davlat idoralari va tashkilotlar ijtimoiy tarmoqlardan ongli, xavfsiz va me’yorida foydalanish bo‘yicha tizimli dasturlar ishlab chiqishi tavsiya etiladi. Tahlil natijalari asosida aytish mumkinki, targ‘ibot va tushuntirish ishlari faqat yoshlarni emas, katta yoshdagi aholini ham qamrab olishi kerak. Ta’lim muassasalari va mahallalarda vaqtni boshqarish, media savodxonlik, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, soxta axborotni aniqlash, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardan ongli foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq. Umuman olganda, mazkur tahlil natijalari ijtimoiy tarmoqlar bilim olish, muloqot qilish va mehnat faoliyatini rivojlantirish uchun katta imkoniyat yaratishini ko‘rsatdi. Biroq, ulardan nazoratsiz foydalanish vaqtning samarasiz sarflanishi, salomatlikka va kundalik vazifalarga salbiy ta’siri qilishini ham kuzatdik. Demak, oldimizdagi asosiy vazifa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash emas, balki ulardan ongli, xavfsiz va aniq maqsad asosida foydalanish madaniyatini shakllantirishdir.  Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti

Batafsil →

Barqaror kelajak uchun mahalliy tashabbuslar: NNTlarning grant loyihalari natijalari sarhisob qilindi

Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida hududlarda amalga oshirilgan grant loyihalari natijalarini sarhisob qilish, tajriba almashish va fuqarolik jamiyati institutlari bilan davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ishlar davom etmoqda. Shu maqsadda 2026-yil 25–26-avgust kunlari Toshkent shahridagi “Shamsan” mehmonxonasida “Barqaror kelajak uchun mahalliy tashabbuslar: NNT grant loyihalari sharhi” mavzusida ikki kunlik davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti, “Saferworld” xalqaro tashkiloti hamda Yevropa Ittifoqi hamkorligida tashkil etildi. Unda respublikaning 14 ta hududida grant loyihalarini amalga oshirgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, xalqaro va mahalliy hamkor tashkilotlar ishtirok etdi. Davra suhbatining asosiy maqsadi hududlarda NNTlar tomonidan amalga oshirilgan mahalliy tashabbuslar natijalarini sarhisob qilish, loyihalar davomida to‘plangan tajriba va olingan saboqlarni o‘zaro almashish, mavjud tizimli muammolarni aniqlash hamda fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi. Tadbirning birinchi kunida 14 ta hududda amalga oshirilgan mahalliy tashabbuslar va ular doirasida erishilgan natijalar taqdim etildi. NNT vakillari o‘z loyihalari, amalga oshirilgan ishlar va erishilgan amaliy natijalar haqida ma’lumot berdi. Interaktiv guruh ishlari davomida loyihalarni amalga oshirish jarayonida uchragan tashkiliy, huquqiy, moliyaviy va mahalliy darajadagi muammolar tahlil qilindi. Ishtirokchilar mavjud to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha o‘z tajribalari, yondashuvlari va amaliy yechimlari bilan o‘rtoqlashdi. Alohida sessiyada hududlarda shakllangan muvaffaqiyatli amaliyotlar va samarali keyslar ko‘rib chiqilib, ularni boshqa hududlarda qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi. NNTlar o‘rtasida tajriba almashish, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Davra suhbatining ikkinchi kuni NNTlar va davlat sektori o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar hududiy va milliy darajada davlat organlari bilan hamkorlik qilish jarayonida yuzaga kelayotgan tizimli muammolarni tahlil qilib, kelgusidagi muloqotlar kun tartibiga olib chiqilishi zarur bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlarni belgiladi. Xususan, mahalliy infratuzilmani rivojlantirish, ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, resurslarni samarali taqsimlash hamda davlat organlari bilan barqaror muloqot mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokamalar markazida bo‘ldi. Kichik guruhlardagi ishlar davomida davlat organlariga taqdim etish uchun aniq taklif va murojaatlar, mavjud muammolarning yechimlari hamda ularni asoslovchi dalillar ishlab chiqildi. Bildirilgan fikr va takliflar umumlashtirilib, NNTlarning muhim masalalar bo‘yicha konsolidatsiyalashgan pozitsiyasini shakllantirish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, 2030-yilgacha fuqarolik jamiyatini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilar tomonidan bildirilgan tegishli taklif va tavsiyalarni umumlashtirib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga kiritish masalasi ko‘rib chiqildi. Ikki kunlik davra suhbati yakunida hududlarda amalga oshirilgan grant loyihalari tajribasini ommalashtirish, NNTlar o‘rtasidagi hamkorlik tarmoqlarini rivojlantirish, fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda mavjud muammolarni tizimli hal etishga qaratilgan taklif va tavsiyalar shakllantirildi.   Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti matbuot xizmati

Batafsil →

Hududlarda NNTlar bilan muloqotlar tashkil qilindi

Ijtimoiy-iqtisodiy tashabbuslar instituti va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan "Saferworld" tashkiloti hamkorligida “O‘zbеkiston bo‘ylab Fuqarolik jamiyati tashkilotlarining (FJT) hozirgi ehtiyojlari, muammolari va salohiyatini aniqlash” dasturi doirasida respublikamizning turli hududlarida qator uchrashuvlar tashkil etildi. Xususan, Andijon, Samarqand, Buxoro, Sirdaryo, Surxondaryo va Xorazm NNTlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishlarda hududlarda fuqarolik institutini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar hamda ularning yechimlari bo‘yicha fikr almashildi. Takliflar yig‘ilib, kelgusidagi ishlar rejasi tuzib olindi.

Batafsil →

Mini-grant tanlovi natijalari e'lon qilindi

O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, nodavlat notijorat tashkilotlarining salohiyatini oshirish hamda davlat organlari bilan samarali hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim loyiha doirasida mini-grantlar tanlovi yakunlandi. Mazkur loyiha Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti tomonidan “Saferworld” xalqaro nodavlat tashkiloti hamkorligida hamda Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida amalaga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy мақсади — fuqarolik jamiyati tashkilotlarining institutsional va dasturiy imkoniyatlarini mustahkamlash, hududiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va jamiyat hayotida NNTlarning faol ishtirokini kengaytirishdan iborat. Loyiha doirasida respublikaning barcha hududlarida seminar-treninglar tashkil etilib, yuzlab nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari zamonaviy yondashuvlar, jamoatchilik nazorati, ijtimoiy loyihalarni boshqarish hamda fuqarolik faolligini oshirish yo‘nalishlarida bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladi. Shuningdek, malakali trenerlar guruhi shakllantirildi. Mini-grantlar tanlovi esa loyiha doirasidagi eng muhim bosqichlardan biri bo‘ldi. Tanlovga O‘zbekistonning barcha hududlaridan 100 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari o‘zlarining dolzarb, innovatsion va ijtimoiy аҳамиятга ega loyihalari bilan иштирок etdi. Arizalar ekspertlar tomonidan sinchkovlik bilan baholanib, jamiyat rivojiga amaliy hissa qo‘sha oladigan eng munosib tashabbuslar saralab olindi. Tanlov g‘oliblari: HAMROH NNT — “Yashil maktab” loyihasi (Andijon viloyati) “Yuksalish” harakati hududiy bo‘linmasi — “Buxoro viloyatida 9 ta ijtimoiy-iqtisodiy sohada jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish” (Buxoro viloyati) O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi — “Men va mening huquqlarim” (Farg‘ona viloyati) “YETAKCHI” yoshlar markazi — “NNTlarni yangi zamonaviy usullardan foydalanib rivojlantirish” (Jizzax viloyati) Tadbirkor oila markazi — “Xotin-qizlar va yoshlarning himoya huquqi — bu adolat poydevoridir” (Namangan viloyati) Barqaror rivojlanish maqsadlari ijtimoiy tashabbuslar markazi — “Toza suv — umrga foyda” (Navoiy viloyati) Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi — “Zo‘ravonliksiz oila — baxtli jamiyat” (Qashqadaryo viloyati) Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi — “Ayol taqdiri: sahna orqali muloqot” (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) Nogiron ayollar uyushmasi Paxtachi tuman hududiy bo‘limi — “Adolat hamma uchun” (Samarqand viloyati) RIAM “Istiqbolli Avlod” — “Tenglik hududi: gender tengligini targ‘ib qilishda erkaklar va o‘g‘il bolalarning ishtirokini kuchaytirish” (Sirdaryo viloyati) “Ayol va Shodlik” NNT — “Imkoniyat va innovatsiya” (Surxondaryo viloyati) O‘zbekiston nogiron ishbilarmon ayollar milliy assotsiatsiyasi — “Inklyuziv raqamli olam” (Toshkent shahri) Tadbirkor ayollar assotsiatsiyasi (Bo‘ka tumani) — “Ijtimoiy tadbirkorlik” (Toshkent viloyati) “Istiqbol” ayollar markazi — “Himoya va istiqbol” (Xorazm viloyati) Mazkur tashabbuslar fuqarolik jamiyati institutlarining hududlardagi faolligini oshirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, gender tengligi, ekologiya, inklyuziya, ijtimoiy tadbirkorlik va jamoatchilik nazorati kabi muhim yo‘nalishlarda amaliy natijalarga erishishga xizmat qiladi. Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti barcha g‘oliblarni samimiy tabriklaydi hamda loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda ularga ulkan zafarlar tilaydi. Ishonamizki, ushbu tashabbuslar jamiyatimiz taraqqiyoti, fuqarolik faolligini oshirish va hududlarni barqaror rivojlantirishga munosib hissa qo‘shadi. Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti matbuot xizmati

Batafsil →

MINI-GRANTLAR TANLOVI E’LONI

NNTlar uchun mini-grantlar tanlovi “Tashabbuslar instituti” (O‘zbekiston) va “Saferworld” (Qirg‘iziston) xalqaro nodavlat tashkiloti hamkorligida, Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida “O‘zbekiston Respublikasidagi fuqarolik jamiyati tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning umumiy maqsadi O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyati tashkilotlarining (FJT) davlat organlari bilan hamkorlik qilish salohiyatini kuchaytirish hamda ularning faoliyatini milliy va mintaqaviy rivojlanish rejalariga integratsiya qilish orqali mamlakatda inklyuziv va barqaror rivojlanishga ko‘maklashishdagi roli va hissasini oshirishdan iborat. Tanlov shartlari Ishtirokchilar: Tanlovda O‘zbekistonning barcha hududlaridagi NNTlar ishtirok etishi mumkin. Byudjet: Tanlovga taqdim etiladigan loyiha miqdori 5 000 yevrodan oshmasligi kerak. Davomiyligi: Loyiha muddati 4 oygacha davom etishi lozim. Mavzular: Tanlov mavzulari chegaralanmagan. Arizalar ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan har qanday sohada qabul qilinadi. Yo‘nalishlar uchun namunalar (lekin bular bilan cheklanmaydi): Inson huquqlari va gender tengligi: Xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, zo‘ravonlikka qarshi kurashish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish. Inklyuziv rivojlanish: Nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga integratsiyasi, ularning bandligini ta’minlash va to‘siqsiz muhit yaratish. Ekologiya va barqarorlik: Hududlardagi ekologik muammolarni hal etish, “yashil” tashabbuslar va aholining ekologik madaniyatini oshirish. Davlat va jamiyat qurilishi: Mahalliy davlat organlari bilan hamkorlikda qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish. Raqamli transformatsiya va innovatsiyalar: NNT faoliyatiga IT-texnologiyalarni joriy etish, ijtimoiy muammolarni hal qilishda innovatsion yondashuvlardan foydalanish. Ijtimoiy tadbirkorlik: Aholi bandligini oshirishga qaratilgan kichik ijtimoiy loyihalar va kasb-hunarga o‘rgatish markazlarini tashkil etish. Ishtirokchilarga qo‘yiladigan talablar va hujjatlar: Bitta NNTdan faqat bitta ariza qabul qilinadi. NNTlar hech qanday siyosiy kuchlar (partiyalar, harakatlar, yetakchilar va h.k.) bilan bog‘liq bo‘lmasligi kerak. Hujjatlar ro‘yxati: To‘ldirilgan ariza, ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi, Nizom nusxasi va Excel formatidagi byudjet. Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, soliq qarzdorligi yo‘qligi haqida ma’lumotnoma va bank sertifikati talab qilinadi. Baholash mezonlari (100 ballik tizim) Barcha arizalar dastlab tanlov shartlariga muvofiqligi bo‘yicha tekshiriladi, so‘ngra komissiya tomonidan quyidagi mezonlar asosida baholanadi: № Baholash mezoni Ballar 1 Loyiha maqsadlari, vazifalari va kutilayotgan natijalar o‘rtasidagi bog‘liqlikning asoslangani. Muammoning dolzarbligi. 25 2 Davlat organlari, mahalliy hamjamiyat yoki boshqa hamkorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va ularning ishtiroki. 15 3 Loyihada yangi uslublar, raqamli vositalar yoki muammoning innovatsion yechimlaridan foydalanilganligi. 15 4 Loyiha haqida jamoatchilikni xabardor qilish strategiyasi va maqsadli guruhlarning (benefisiarlar) aniq qamrab olinishi. 15 5 Rejalashtirilgan xarajatlarning bozor narxlariga mosligi, asoslangani va belgilangan limitga (5 000 yevro) rioya qilingani. 15 6 Grant muddati tugagandan so‘ng loyiha natijalarining saqlanib qolishi va faoliyatning davomiy bo‘lish ehtimoli. 15 Arizalarni topshirish tartibi: Hujjatlar 2026-yil 20-aprel soat 18:00 ga qadar (Toshkent vaqti bilan) elektron pochta orqali qabul qilinadi: info.iceinitiatives@gmail.com Tanlov bo‘yicha savollar uchun: https://t.me/Shohruh2701Fayllarni yuklab olish: Ariza shakli, Loyiha byudjeti

Batafsil →