2026-09-13

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va ularda vaqt o‘tkazish kundalik hayotimizdagi asosiy odatlardan biriga aylandi. Bu holat, o‘z navbatida, kundalik rejalarimiz, qadriyatlarimiz va odatlarimizni o‘zgartirish darajasiga yetib bordi. So‘rov natijalari biz tasavvur qilmagan boshqa qiziq jihatlarni ham ko‘rsatdi va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish tendensiyasi ortida boshqa manzara borligini ochib berdi.
“Yuksalish” harakatining “Opinions” sotsiologik tadqiqotlar markazi Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda o‘tkazgan mazkur o‘rganish natijalarini e’tiboringizga havola etamiz. “Ijtimoiy tarmoqlar davrida hayot” mavzusida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda mamlakatimizning 14 ta hududidan 1 371 nafar respondent ishtirok etdi. So‘rovda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish maqsadlari, ularga sarflanayotgan vaqt, o‘qish, ish va uyquga ta’siri o‘rganildi.
Foydalaniladigan platformalar
Respondentlar belgilagan javoblarga ko‘ra, eng ko‘p foydalaniladigan platforma Telegram bo‘lib, uni ishtirokchilarning 88,9 foizi, ya’ni 1 219 nafari, tanlagan. Keyingi o‘rinlarda Instagram (73,5 foiz) va YouTube (61,8 foiz) turadi. Facebookdan esa ishtirokchilarning 24,7 foizi (338 nafar) foydalanishini bildirgan.
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish maqsadlari
Natijalarga ko‘ra, respondentlarning 69,9 foizi, ya’ni 958 nafari, ijtimoiy tarmoqlardan do‘stlari va oila a’zolari bilan muloqot qilish uchun foydalanadi. Yangiliklarni kuzatishni 64 foiz (877 nafar), ta’lim olishni 43,8 foiz (600 nafar), ko‘ngilochar kontentni 42,2 foiz (579 nafar), daromad va kasbiy maqsadlarni esa 40,6 foiz (557 nafar) ishtirokchi tanlagan. Bu savolda bir nechta javobni belgilash mumkin bo‘lgan.
Yuqoridagi natijalarda ko‘rganingizdek, ijtimoiy tarmoq faqat ko‘ngilochar maydon emas. Respondentlarining aksariyati ijtimoiy tarmoqlardan axborot va muloqot vositasi sifatida foydalanayotgan bo‘lsa, ma’lum qatlam ijtimoiy tarmoqlar orqali daromad olishini nazarda tutgan.
Vaqtimizni boshqarish o‘zimizdan boshlanadi
“Ijtimoiy tarmoqlardan ish yoki o‘qish kunlarida kuniga qancha vaqt foydalanasiz?” degan savolga javob berganlarning 37,3 foizi, ya’ni 512 nafari, ish yoki o‘qish kunlarida ijtimoiy tarmoqlarga kuniga 2 soatdan ortiq vaqt sarflaydi. Respondentlarning 12,4 foizi (170 nafar) esa 4 soatdan ko‘proq foydalanishini bildirgan. Dam olish kunlarida esa 4 soatdan ortiq vaqt sarflaydiganlar ulushi 19,7 foizga, ya’ni 270 nafarga yetgan.
Ishtirokchilarning yarmidan ko‘pi, ya’ni 57 foizi (781 nafar) ijtimoiy tarmoqlarda sarflayotgan vaqtini me’yorida deb hisoblaydi. Biroq 33,4 foizi (458 nafar), ya’ni har uch kishidan biri, ijtimoiy tarmoqlarda keragidan ko‘proq qolib ketayotganini tan olgan.
Vaqtni kamaytirishga uringanlardan 511 nafari (61 foizi) bunga erishgan, 327 nafari (23,9 foizi) esa erisha olmagan. Respondentlarning 28 foizi vaqtni kamaytirishga ehtiyoj sezmasligini bildirgan.
Bu faqat yoshlarning muammosi emas
Ijtimoiy tarmoqlarda uzoq vaqt o‘tirish haqida gap ketganda, tasavvurimizda bu asosan yoshlarning odatidek ko‘rinadi. Ammo so‘rovdagi bandlik guruhlari boshqa manzarani ham ko‘rsatgan.
Masalan, kuniga 2 soatdan ortiq foydalanadiganlar ulushi nafaqadagilar orasida 54 foiz, uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band respondentlarda 43,7 foiz bo‘lgan. Maktab o‘quvchilarida 27,3 foiz, talabalarda bu ko‘rsatkich 32,7 foizni tashkil etgan.
Uyqu va kundalik ishlarga ta’sir yuqori
So‘rovda qatnashganlarning 62,2 foizi, ya’ni 853 nafari, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uyqusiga ta’sir qilishini bildirgan. 18 yosh va undan katta respondentlarning 58,1 foizi esa ish yoki kundalik vazifalariga muayyan darajada xalaqit berishini qayd etgan. Ushbu savolga bir necha variantli javob berish mumkin bo‘lgan.
13–17 yoshli ishtirokchilar orasida uyquga ta’sirni sezganlar ulushi 74,4 foiz. Shu yosh guruhining qariyb to‘rtdan uch qismi ijtimoiy tarmoqlar o‘qish yoki uy vazifalariga ham xalaqit berishini bildirgan.
O‘smirlarning 66,7 foizi ota-onasi ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini doimiy nazorat qilishini, 28,2 foizi esa ba’zan nazorat qilishini ko‘rsatgan. 5,1 foiz o‘smirlarning ota-onasi ularning bu borada nazorat qilmasligini bildirgan.
Ortiqcha vaqt sarflash eng ko‘p tashvish uyg‘otmoqda
Respondentlar eng ko‘p tanlagan muammo ortiqcha vaqt sarflash bo‘lib, uning ulushi 30,1 foizni, ya’ni 413 nafarni, tashkil etgan. Ishtirokchilarning 18,6 foizi (255 nafar) soxta yoki ishonchsiz axborotni, 13,2 foizi (181 nafar) esa firibgarlik va shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishini ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda eng ko‘p tashvish uyg‘otadigan muammo deb hisoblagan.
Qolgan foydalanuvchilar esa, uyqu va salomatlikka ta’sir (6,9 foiz), oila a’zolari o‘rtasidagi muloqotning kamayishi (6,9 foiz), haqorat va tazyiq (4,2 foiz) kabi omillarni ko‘rsatib o‘tishgan. 8,5 foiz respondentlar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish muammo olib kelmaydi deb hisoblagan.
Yuksalish kundalik odatlardan boshlanadi
So‘rov natijalari ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish masalasida jamiyatning barcha qatlamlari mas’uliyatini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Kontent ishlab chiqaruvchi tashkilotlar va mualliflar auditoriya e’tiborini faqat ko‘rishlar sonini oshirish vositasi sifatida qabul qilmasligi lozim. Ular milliy qadriyatlar, ta’lim, kasbiy rivojlanish va sog‘lom turmush tarziga xizmat qiladigan sifatli kontentni ko‘paytirishi, yolg‘on yoki tekshirilmagan axborot tarqalishining oldini olishi hamda bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan materiallarning mazmuniga alohida mas’uliyat bilan yondashishi zarur.
Yoshlar, ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlarga mas’ul davlat idoralari va tashkilotlar ijtimoiy tarmoqlardan ongli, xavfsiz va me’yorida foydalanish bo‘yicha tizimli dasturlar ishlab chiqishi tavsiya etiladi. Tahlil natijalari asosida aytish mumkinki, targ‘ibot va tushuntirish ishlari faqat yoshlarni emas, katta yoshdagi aholini ham qamrab olishi kerak.
Ta’lim muassasalari va mahallalarda vaqtni boshqarish, media savodxonlik, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, soxta axborotni aniqlash, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardan ongli foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq.
Umuman olganda, mazkur tahlil natijalari ijtimoiy tarmoqlar bilim olish, muloqot qilish va mehnat faoliyatini rivojlantirish uchun katta imkoniyat yaratishini ko‘rsatdi. Biroq, ulardan nazoratsiz foydalanish vaqtning samarasiz sarflanishi, salomatlikka va kundalik vazifalarga salbiy ta’siri qilishini ham kuzatdik.
Demak, oldimizdagi asosiy vazifa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklash emas, balki ulardan ongli, xavfsiz va aniq maqsad asosida foydalanish madaniyatini shakllantirishdir.
Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti